Hukmlarni istinbot qilishda lozim bo‘lgan ilmlari bor bo‘lib, Qur’oni Karim va Sunnati Nabaviyada zikr qilinmagan masalalarda ijtihod qilgan ulamolar, shuningdek jami fiqh masalalarini dalillari bilan bilgan, qo‘shimcha ravishda durust istinbot qila olish malakasi ham bo‘lgan odam “Mujtahid”dur.
Mujtahiddan quyidagilarni mukammal bilish talab etiladi:
- Qur’oni karim. Quronga tegishli barcha ilmlarni bilishi lozim. Jumladan, bunga nosih va mansux; mutlaq va muqayyad; muhkam va mutashobih; nuzuli sabab ya’ni oyatlarning tushish sabablari; qiroatlar to‘g‘risidagi bilimlar kiradi. Xususan, ahkom oyatlarini – ibodat, muomalot, uqubat va jazo hamda oilaviy munosabatlar, shuningdek, xalqaro huquqqa tegishli oyatlarni ma’nolari bilan birga to‘la yod bilishi lozim.
- Sunnat ilmi. Hadisi shariflarning, xususan, ahkom hadislarini to‘la yod bilishi, hadislarning sanadlari – sahih, hasan, zaiflik jihatlarini, hadislarning nosih va mansux tomonlarini; hadis roviylarining tarjimayi hollarini yaxshi bilishi; hadislarning har xil jihatlarini ma’nolaridan xabardor bo‘lishi lozim. Sa’duddin Taftazoniy (1322-1392) fikricha, hozirda bu borada hadis ilmida ishonchli muhaddislarning fikrlariga suyanish yaxshiroq.
- O‘tgan ulamolarning gaplari, ijmo va ixtiloflari haqidagi bilim. Sahoba va tobеin hamda taba‘a tobеinlarning fatvolari, ular qilgan ijmolar, bir-birlari bilan qilgan ixtiloflarni to‘la bilishi kerak. Zotan, ijmoga qarshi fatvo berib bo‘lmaganidek, yakka shaxsning gapiga suyanib ham fatvo chiqarilmaydi.
- Usulul fiqh ilmi. Oyat, hadis va ijmodan hukm olish qonun-qoidalarini to‘la va mukammal bilishi lozim. Zotan, ijtihod mana shu qonun-qoidalarga binoan amalga oshiriladi.
- Arab tili. Arab tilining barcha lahja va shevalaridan xabardor bo‘lishi; balog‘at va fasohatini mukammal his qilishi; badiiy va she’riy san’atlaridan to‘la xabardor bo‘lishi; mumtoz (klassik) va hozirgi arab tilshunosligi haqida to‘la bilimga ega bo‘lishi lozim. Zero, shariatga asos bo‘lgan manbalar arab tilida ekani o‘z-o‘zidan ma’lum.
- Qiyos ilmi. Qiyosning turlari, e’tiborga ega shartlarini mukammal o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Zotan, ijtihod to‘la ravishda qiyosga bino qilingandir. Oyat, hadis va ijmodan dalil bo‘lmagan voqea va hodisalar borasida ularning hukmlarini taqqoslash orqali hukm chiqarish; Odamlarning hayot tarzi, urf-odatlarini chuqur bilish; yangidan paydo bo‘lgan hodisalarga to‘g‘ri baho bera olish salohiyatiga ega bo‘lishi kerak.
Ubaydulloh ibn Mas’ud ibn Tojush sharia Buxoriy (vaf747/1346) o‘zining ,,At-Tavzih” asarida ijtihodning sharti uch narsani – Qur’on, sunnat va qiyosni barcha jihatlari (lug‘aviy va shar’iy ma’nolari, qismlari, matni va sanadi, ishlatilish tomonlari) bilan bilishdir, deb qayd etgan.
Sa’diddin Taftazoniy (1322-1392) bu yеrda qiyosga ijmo ham qo‘shiladi, deb zikr qiladi.
Mujtahidlik uch xil bo‘lishi aytilgan:
- Mustaqil va mutlaq mujtahid;
- Muntasib va mutlaq mujtahid;
- Mazhab ichidagi mujtahid;
Mujtahid imomlardan muayyan biroviga o‘zini nisbat qiladiganlar muntasib mujtahid bo‘lib, ular hurmat va ehtirom yuzasidangina o‘z ustozlari mazhabida turadilar. Aslida esa ular ilmda, fiqhiy salohiyatda, ijtihodiy malakada mustaqil bo‘lib, na mazhabda va na usul-sharoitlarda imomiga taqlid qiladilar. Bular hanafiy mazhabida Abu Yusuf va Muhammad Shayboniy, shofi’iylikda Abu Ibrohim Muzaniy (791-878) va Rabi’ ibn Sulaymon (790-884), Molikiylikda Ibn Qosim (750-806) va Asbag‘ ibn Faraj (vaf.225/840) kabilardir. Shuning uchun ular ko‘p masalalarda ustozlariga xilof bo‘lganlar.
Mazhab ichidagi mujtahidlar esa muayyan imomning mazhabiga bog‘langan bo‘lib, o‘sha mazhabdagi usuliy qoidalarga asoslanib hukm chiqarishda mustaqildirlar. Buning uchun o‘z mazhabini to‘liq bilishi, usuliy qoidalardan batamom xabardorligi, mazhabi qabul qiladigan ahkomiy dalillarni egallashi, qiyos yo‘llariga ko‘zi o‘tkir bo‘lishi, taxrij va istinbot qoidalarini egallagan bo‘lishi shart. Hanafiy mazhabida bu tabaqaga mansub bo‘lishning eng kichik sharti Muhammad Shayboniyning “Al-Mabsut (Kengaytirilgan)” asarini yod bilishi, deyilgan. Abu Said Birdaiy (vaf. 317/930) Bag‘dodda zohiriylik mazhabining asoschisi Dovud Zohiriy (816-884) bilan munozara qilib, uni yenggan hanafiy olimi bo‘lib, u Bag‘dodga borishidan avval Imom Muhammadning “Al-Jomе’ al-kabir (Katta to‘plam)” asarini to‘rt yuz marta o‘qib chiqqan edi.
Umuman olganda, aytish mumkinki, jami fiqh masalalarini dalillari bilan bilgan, qo‘shimcha ravishda durust istinbot qila olish malakasi ham bo‘lgan odam mujtahiddir. Agar istinbot qila olmasa, faqihdir. Agar masalalarni ustozi va kitobdan o‘rgansa, ularni dalillari bilan bilsa, fiqh o‘rganuvchidir, dalilsiz bilsa, muqalliddir.
Mujtahid ijtihodning aslini, shartlarini, qoidalarini, beradigan narsalarini Usulul fiqh ilmida yaxshilab o‘rganishi kerak va quyidagilarga alohida e’tibor berishi lozim.
– Birinchidan, ijtihod farzdir va bunga mujtahid ajr oladi.
Qur’oni Karimning ko‘pgina oyatlarida ijtihodning vojibligi bayon qilingan. Ulamolar: Alloh taologa va U zotning Rasuliga itoat qilish haqidagi oyatlarning barchasi ijtihodning farzi kifoya ekaniga dalildir, deydilar. Bu gapga dalil sifatida quyidagi oyati karimalarni misol keltirish mumkin:
«Allohga va Rasulga itoat qilinglar!» dеgin» («Oli Imron» surasi, 32-oyat).
Va yana ushbu oyat:
«Ey, iymon keltirganlar! Allohga va Uning Rasuliga itoat qilingiz va eshitib turib, undan yuz o‘girib ketmangiz» («Anfol» surasi, 20-oyat).
Mana shu ikki oyat va ularga o‘xshash oyatlar mo‘min-musulmonlar ijtihod qilishlari farzi kifoya ekanini ko‘rsatadi.
Alloh taolo mazkur oyatlarda Qur’oni Karimda va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelgan amr va nahylarga itoat qilishni talab qilmoqda. Ularga amal qilish uchun ulardan ko‘zlangan ma’no va hukmlarni aniq bilish kerak. Buning uchun esa, ijtihod qilish lozim.
«Farzga eltuvchi narsa ham farzdir» qoidasiga binoan, Alloh taoloning kalomiga va Rasulining sunnatiga amal qilish uchun ulardan hukm chiqarishda xizmat qiladigan ijtihod ham farzi kifoyadir. Bunga Qur’oni Karimda ham dalillar bor. Masalan, Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi:
«Mo‘minlarning hammalari (jangga) qo‘zg‘alishlari lozim emas. Har jamoadan bir nafar toifa bo‘lsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kelgan vaqtlarida qavmlarini ogohlantirardilar. Shoyadki, ular hazir bo‘lsalar» («Tavba» surasi, 122-oyat).
Urush holatida ham mo‘minlardan bir guruhini fiqh bilan mashg‘ul bo‘lishga targ‘ib qilish ijtihod farzi kifoya ekaniga yorqin dalildir.
Toshkent islom instituti talabasi
Nodirbek Sodiqov