Tarixchilar e’tirof qilishicha, ilm-fan va madaniyat o’chog’i bo’lgan Iroq nahv va sarf ilmlari rivojlangan dastlabki shaharlardan biri hisoblanadi. Hijriy 14-yilda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifalik davrlarida, Iroqning Najd sahrosiga yaqin janubiy g’arbida Basra shahri bunyod etilgan bo’lsa, hijriy 17-yilda esa Iroqning sahrosidan uzoqroqda shimoliy qismida Kufa shahriga asos solindi. Bu hududlarga ko’chib kelgan turli qabilalar orasida ixtiloflar kelib chiqa boshladi hattoki ilmiy tortishuvlar bahs munozaralar kelib chiqdi. Turli qabilalar ko’chib kelganliklari sababli arab lahjalari ko’payadi. Arab tili rivojlanishida Basra shahrining o’rni beqiyos. Eng ko’zga ko’ringan olimlar ham Basra shahrida o’z iqtidorlarini namoyon qilganlar. Bu haqida Muhammad Abdulaziz an-Najjor «Ziyaus solha ila avzohul masalik» asarida shunday ma’lumotni keltiradi: «Basra Najd sahrosiga yaqin bo’lgan sabab, u yerga savdo ishlari bilan turli shaharlardan savdogarlar kela boshladi. Ular orasida olimlar, shoirlar ham bor edi. Keyinchalik, shaharda she’riyat va adabiyot ulamolari o’rtasida turli xil munozaralar boshlanib ketdi. Nahv olimlari arablar og’zidan sof arab lahjasini eshitish uchun anjumanlar o’tkazar edi. Bu ishlar ularga nahv qoidalarini tartiblab, rejaga solishga yordam berdi.»[1] Ushbu ma’lumotdan ham bilishimiz mumkinki, nahv ilmida Basra shahri yetakchilik qilgan. Nahv ilmi borasida ham alohida madrasalar tashkil etilgan. Ulardan Kufa, Basra va Bag’dod madrasalarini misol qilsak bo’ladi. Nahv ilmiga oid madrasalar xususida Ahmad Shavqiy Abdussalom Zoyf Misriy kitoblar yozgan. U zot kitoblarini avvalambor Basra maktabini yoritish bilan boshlagan. Chunki, Basra maktabi nahv ilmining usul qoidalarini birinchilardan bo’lib ishlab chiqqan maktabdir.Basra olimlari qoidalarni ishlab chiqishda mantiq va qiyosga katta e’tibor qaratish bilan birgalikda qiyosiy qoidalar tufayli arab tili qoidalarini umumlashtirgan. Faqatgina sof fus’haga suyanib, kamyob shevalarni rad qilganlar. Ko’p masalalarda Basra maktabiga qolgan maktablar tobe hisoblanadi. Xolil ibn Ahmad al-Farohidiy Basra maktabi asoschilaridan hisoblanadi. Sibavayh ham Basra maktabining ko’zga ko’ringan namoyondalaridan biridir. Qolaversa, Axfash, Yunus ibn Habib, Yazidiy, Jarimiy, Mozaniy va uning shogirdi Mubarrad, Zajjoj ibn Siroj, Ibn Darstvayh Forisiy va boshqalar Basra maktabining mashhur ulamolaridandir. D.Shavqiy Zoyf aytadilarki, U zotning nazdida Haqiqiy Basra nahv olimining birinchisi ibn Abu Is’hoq hisoblanadi. U zot hijriy 117-yilda vafot etgan. U kishi haqida Yunus ibn Habibdan so’ralganda: «Ibn Abu Is’hoq va nahv ilmi bittadir»[2] deganlar. U Abu Asvadning shogirdi emas balki qorilardan hisoblanadi. Mulohaza qilib aytadigan bo’lsak, Basraning barcha nahv olimlari qorilik yo’lidan yurishgan. Ibn Abu Is’hoqning ikki shogirdi Iyso ibn Umar va Abu Amr ibn A’lo bo’lib, Iysoning shogirdlari esa Xalil ibn Ahmad va Yunus ibn Habib, bularning barchalari qorilardan hisoblanishadi.[3]
Kufa maktabi haqida to’xtaladigan bo’lsak, Basradan bir oz keyin Kufa shahrida ham grammatikani o’rganuvchi maktab paydo bo’ldi. Kufa shahri arablar yashaydigan Najd sahrosidan uzoqda joylashganligi uchun u yerga sof arab tilida so’zlashadigan arablar kamroq ko’chib kelgan. Shunday bo’lishiga qaramay Kufaliklar ham o’zlari uchun basraliklar maktabiga tenglasha oladigan va raqobatlashadigan xos bir mazhab tuzdilar. Bu maktab Iroqning Kufa shahrida, hijriy II asrda shakllangan. Kufa maktabining asosiy xususiyatlaridan biri arablarning fe’llari, sheva va so’zlaridan ko’proq dalillar keltirgan holda, naqllarga asoslangan qoidalar yaratdi. Ushbu maktablar nahv ilmida ba’zi far’iy ixtiloflari bilan bir biridan farq qiladi. Basra maktabidagi qat’iy qiyosdan farqli o’laroq, Kufa olimlari fe’llar va shevalar xilma-xilligiga keng o’rin berdilar.She’rlarni sheva dalili sifatida ishlatishga katta ahamiyat berdilar.[4] Kufa maktabining namoyondalaridan biri Kisoiy bo’lib, uning shogirdi Farrodir. Shu bilan birga Kisoiy va Farro Abu Ja’far Rusoiyning xos shogirdlaridan hisoblanishgan. Ular rivoyatlarning kengligi jihatidan xos shakllarni ishlab chiqqanlar. Ba’zi yangi iste’lohlarga asos solishgan. Kufaliklar Xalil ibn Ahmaddan dars olganlaridan so’ng nazar va asosda Xalil bilan hamfikr bo’lgan hamda tatbiq qilishda esa u zotga ba’zi xilofliklari mavjud bo’lgan alohida manhajga asos soladilar. Kufa maktabi Farro bilan birgalikda tilshunoslik borasida Basra maktabiga ko’plab ixtilof qilgan. Farro xilof qiladiganlarning boshi bo’lgan. Bunga sabab birinchidan, Arab tiliga juda ham ixlosmand bo’lganliklari uchun bo’lsa, ikkinchidan, sof arablarning aytgan gaplarini ulardan naql qilingan so’zlarni qattiq ushlaganlar.
Bag’dod maktabiga keladigan bo’lsak, boshqalarga o’xshamaydigan fikrlar keltirishlari hamda ijtihodlariga ko’ra bob nomlarini to’ldirishliklari bilan birga Kufa va Basra maktablari o’rtasidagi qarashlarni birlashtirishga harakat qilgan. Bu maktab Bag’dodning ilmiy ravnaq topgan davrida, xususan Abbosiylar davrida shakllangan. Bu davrda turli maktab olimlari Bag’dodda bahs-munozaralar qilganlar. Bag’dod maktabi asosan nahvda qoidalarni o’quvchilarga oson tushuntirish hamda amaliyotga moslashtirishga harakat qilgan. Basra maktabining qat’iy qiyosni va Kufa maktabining naqllarga suyanishi o’rtasida muvozanat saqlagan.[5] Bag’dod maktabining mashhur olimlari Ibn Jiniy, Zamaxshariy hamda ibn Tarova hisoblanadi. Ushbu maktabning soddalashtirilgan usullari nahv ta’limi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan so’ng Andalus maktabi hijriy V asrdan boshlab ko’zga ko’rina boshladi. So’ngra Misr maktabi paydo bo’ldi. Faqat uning ulamolari Basra, Kufa yoki Bag’dod ulamolarining izdoshlari bo’lib, fa’riy masalalarda ijtihoddan nariga o’tmaganlar.
Toshkent islom instituti talabasi
Giyosova Munisa
[1]Imom Muhammad an-Najjor. Ziyaus solik ila avzohul masalik. Muassatu risala.1-nashr 1422x2001m
[2]Shayx Muhammad at-Tantoviy. Nash’atun-nahv va tarixu ashhurun-nuhat.-Qohira. Dorul-Maorif. 3-nashr.2005. B-132.
[3]Shavqi Zoyf. Al madorisun nahaviyya. Dorul-maorif. b-18
[4]Doktor Abdur Rojihiy. Durus fil mazahibin nahaviyya. Dorul manhazotul arobiyya. Bayrut. 1988. B-36-41
[5]Tarixul nahvul arobiy. Turli ilmiy maqolalar tadqiqotlar jamlanmasi.