Qiroat va tajvid ilmining olimi, qori va muhaddislar ustozi oʻz zamonasidan tortib to hozirgi davrigacha qiroat va tajvid ilmining shayxi boʻlib kelayotgan olimning toʻliq ismlari – Hofiz Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Jazariy Damashqiy Sheroziy Shofiʼiy boʻlib, Ibn Jazariy nomi bilan mashhurlar. Ibn Jazariy 25 ramazon 751/1350 yili 30-noyabr, juma kuni Damashqda tavallud topganlar. Ibn Jazariy oʻn toʻrt yoshlarida Qurʼonni yod olganlaridan soʻng ilm talab qilishga yuzlanib, qiroat ilmini Abu Muhammad Abdulvahhob ibn Sallor va Ahmad ibn Ibrohim ibn Tahhondan taʼlim ola boshlaganlar. 768/1367 yili haj safariga boradilar va Madinai Munavvara imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Solih Xatib huzur-larida qiroatlarni tajvid asosida oʻqib berganlar. Keyin Qohiraga borib, Faxr ibn Buxoriy, Dimyotiy kabi allomalardan taʼlim olganlar. Iskandariyaga borib, u yerdagi olimlarga qiroat qilib berganlar. Shu orada tafsir, hadis, fiqh, aqoid, balogʻat, sarf va nahv kabi ilmlarni saboq olib, oʻzlashtirganlar.
U zot yozgan kitoblariga kelsak, qiroat ilmida mashhur bo’lishlariga qaramay qiroat ilmidan boshqa ilmlar borasida: hadis, mustalah, fiqh, usulul fiqh, tarix, arab tili ilmlari va boshqa fanlar borasida ham kitoblar yozganlar. U zotning jami ta’lif etgan kitoblari soni 90 dan oshadi.
“Ad- Durratul muziyya fil qiroatis salasil marziyya” asarlari qiroat ilmida yozilgan asarlaridan hisoblanib, ui she’riy uslubda yozilgan. Baytlaring adadi 241 ta bo’lib, “Lom”lik qofiya bilan yozilgan. Muallif bu asarni hijriy 823-yilda ta’lif qilganlar.
Bu asar qur’on qiroatlari ilmida yozilgan muhim she’riy asarlardan biri hisoblanib, mutaxasis ulamolar o’rtasida keng yoyilgan va yaxshi qabul qilingan. Uni bir ancha bosmalardan chiqarilgan, ko’pgina sharhlar yozilgan. Bu she’riy asar 10 qiroatni tamomlovchi 3 ta qiroat haqida yozilgan bo’lib, u qiroatlar Imom Abu Ja’far, Ya’qub va Xalaf rohimahumullohlarning qiroatlaridir.
Asarning yozilish sababi: Muallif avvalroq “Tahbirut taysir fil qiroatil qur’oniyyatil ashr” kitoblarini yozganlarida 3 imomning qiroatlarini ham qo’shimcha tarzda keltirib o’tadilar. Shundan so’ng ana shu 3 qiroat uchun ham alohida kitob yozishni maqsad qilib mana shu kitobni yozadilar.
Rivoyat qilinishicha buning sababi: Ibn Javziyga “Tahbirut taysir” va “Durra” kitoblarni yoziishlariga taklif tushadi, chunki o’sha paytlarda ba’zilar mo’tabar qiroatlar deb “Taysir” va “Shotibiyya” kitobida kelgan qiroatlar xolos, degan tushuncha yoyilgandi. Shu sababdan mo’tabar qiroatlar faqat mana shu ikki kitobdagilargagina chegaralanmaganini bildirish maqsadida “Tahbirut taysir” va “Durra” kitoblarini ta’lif qiladilar.
Imom ibn al-Jazariy 833-yil Rabi’ul avval oyining oltinchi juma kuni /1430 yil 2 dekabr tongda vafot etadilar va Sherozda o‘zi bino qildirgan “Doru-l-hadis” hududiga dafn etiladilar. Alloh u kishini o‘z rahmatiga olib bizni ham u zotning ilmlaridan bahramand qilsin!
Tashkent islam institut talabasi
Sabirbaev Ilyas