Arab tili grammatikasi qoidalarini tartiblab chiqqan olim hamyurtimiz deganda beixtiyor ko‘z oldimizga Imom Zamaxshariy keladi, lekin arab tili qoidalari bo‘yicha kitob yozgan yana bir olim ajdodimiz bor. U Mutarriziy nomi bilan tanilgan mashhur olim Abul Fath Burhoniddin Nosir ibn Abul Makorim Abdusayyid Mutarriziy Xorazmiy. U o‘z asrining nahv va adabiyot olimlaridan bo‘lgan. Mutarriziy – “Sadru-l-afozil” (fozillar sardori) nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Mutarriziy uning nisbati bo‘lib, “mutarriz” matolarga bezak (gullar, naqshlar) beruvchi va unga yozuvchi kishiga aytiladi. Ibn Xallikon shunday deydi: “Bu ish bilan uning o‘zi shug‘ullanganmi yoki ota-bobosimi, bunisi menga ma’lum emas, lekin unga nisbat berilgan”. Imom Suyutiy esa “Ota tomondan katta buvasi zardo‘z bo‘lgan”, – deb yozadi.
Mutarriziy hijriy 538-yilda (mil. 1143-y.) Xorazm davlatining poytaxti Jurjoniyya[1] tug‘ilgan. Unga “Xalifatu Zamaxshariy” – “Zamaxshariyning o‘rinbosari” laqabi berilgan. Chunki u Zamaxshariy vafot etgan yili o‘sha joyda dunyoga kelgan va Zamaxshariyga o‘xshab arab tili olimlaridan bo‘lgan.
Mutarriziy birinchi tahsilni Xorazmda o‘z otasidan, Xorazm xatibi Ali Abu Muhyiddin al-Muvaffaq ibn Ahmad Makkiy va boshqalardan olgan. Hadislarni Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Sa’d Tojirdan tinglagan, u esa hanafiy faqihlaridan edi. U ilm talabida biror joyga hijrat qilib chiqmagan. Fiqh, nahv va lug‘at darslariga alohida e’tibor qaratgan. Bundan tashqari fors tilidagi olimlarning asarlarini ko‘p o‘qigan va u tilda ham ijod qilgan.
Mutarriziy hijriy 601-yil (mil. 1204-y.) hajga ketayotganida Bag‘dodga kiradi. U yerda faqih va adiblar jamoasi bilan ko‘rishadi va ular Mutarriziydan fiqh va adabiyot ilmi bo‘yicha bilim oladilar.
Mutarriziy nahv, lug‘at va adabga oid bir qancha asarlar qoldirgan. Ulardan ba’zilari:
- Misbah fin-nahv.
- Izoh fi sharh maqomatil-Haririy.
- Iqnau’ lima hava tahtal qona’
- Mu’rib
- Mug‘rib fi tartibil mu’rib.
- Zahrotur robe’ fi ilmil bade’
- Bayanul ijazu fi suroti qul ya ayyuhal kafirun.
Mutarriziyning «Misbah» asari ikki bobdan iborat qisqa grammatik risola bo‘lib, olim unda boshqa risolalarda uchramagan asl usulni qo‘llagan.
Birinchi bobda nahv qoidalarini Mahmud Zamaxshariy ijod qilgan “ism-fe’l-harf” usuliga ko‘ra bayon qilgan, ya’ni arab tilining barcha qoidalari so‘z turkumlari orqali tushuntirilgan.
Ikkinchi bobda esa, arab nahvi an’anaviy usulda, ya’ni morfologiya va sintaksisga ajratib taqdim etilgan. Mahoratli olim bir asarda arab tili grammatikasini bayon qilishning har ikki usulini qo‘llagan. Bu risola juda mashhur bo‘lib ketgan. Uzoq vaqt madrasalarning asosiy darsligiga aylangan. Shorihlar bu risolaga alohida e’tibor qaratishgan hattoki unga 40 ga yaqin mashhur sharhlar yozilgan
Mutarriziy hijriy 610-yil (mil. 1213-y.) Xorazmda vafot etgan. Alloma o‘zidan keyin 300 dan ortiq arab va fors tilidagi qasidalarni meros qilib qoldirgan.
Toshkent islom instituti talabasi
Turg‘unov Abdulatif
[1] forscha Gurganch hozirgi Urganch shahri.