Islom olamida hadis ilmi eng muhim va asosiy fanlardan biridir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning so’zlari, amallari va tasdiqlari ya’ni hadislar – Qur’ondan keyin ikkinchi manba sifatida e’tirof etiladi. Hadislarni to’plash, tartibga solish va ularga sharh berish ishlari ilk davrlardanoq olimlar tomonidan keng qamrovda olib borilgan. Shu jarayonda ko’plab buyuk muhaddislar yetishib chiqqan bo‘lib, ularning orasida Imom Dorimiy alohida o‘rin tutgan.
To‘liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn al-Fazl ad-Dorimiy bo‘lib, u hijriy 181-yilda (milodiy 797-yil) Samarqand shahrida tavallud topgan. Dorimiy nisbatidan ma’lumki, u Movarounnahrning Dorim qishlog‘idan bo‘lgan. U hadis ilmini yoshligidan o‘rganib, yirik muhaddislar huzurida tahsil olgan. Uning ustozlari orasida Yahyo ibn Ma’in, Abdurrahmon ibn Mahdiy, Ibn Muborak kabi zamonasining yetuk allomalari bor edi.
Imom Dorimiy o‘zining ilmiy hayoti davomida ko‘plab hadislarni to‘plab, ularni isnod (roviylar zanjiri) asosida tartibga soldi. U faqat hadislarni yig‘ibgina qolmay, balki ularni tanqidiy yondashuv asosida tahlil ham qilgan. Uning bu yondashuvi hadis ilmi tarixida muhim bosqich bo’ldi. Imom Dorimiyning eng mashhur asari “Sunan ad-Dorimiy” bo‘lib, u hadis ilmi tarixidagi muhim to‘plamlardan biri hisoblanadi. Ushbu kitob fiqhiy boblar asosida tuzilgan bo‘lib, hadislar muayyan mavzularga bo‘lingan holda keltirilgan. Masalan, tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj, tijorat, nikoh, jinoyat, aqida va boshqa mavzular.
“Sunan ad-Dorimiy” asari 3500 dan ortiq hadisni o‘z ichiga oladi.
Imom Dorimiy o’z asarida hadislarni fiqhiy tartib asosida joylashtirgan. Bu uslub keyinchalik boshqa hadis to‘plovchilar tomonidan ham davom ettirildi. Asar boblarga bo‘linib, har bir bobda muayyan mavzu doirasidagi hadislar keltiriladi.
Bundan tashqari, Imom Dorimiy hadislarning sahihligini baholashda isnod ilmi – ya’ni roviylar haqida ma’lumot yig‘ish, ularning ishonchliligi va yod olish qobiliyatini o‘rganish – usulidan foydalangan. Bu metodologiya hadis ilmining eng asosiy va zaruriy tamoyillaridan biridir.
“Sunan ad-Dorimiy”da faqatgina fiqhiy masalalar emas, balki aqidaviy (e’tiqodiy) mavzular ham keng o‘rin olgan. Allohning sifatlari, Qadariyya, Murji’a, Jahmiyya kabi firqalarga munosabat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlari va boshqa aqidaviy masalalar Imom Dorimiy tomonidan hadislar asosida yoritilgan. Bu esa ulamoning faqat fiqh emas, balki iymon asoslariga ham e’tibor berganligini ko‘rsatadi.
Imom Dorimiyning bu asari o‘z davrida va undan keyin kelgan muhaddislar tomonidan manba sifatida foydalanilgan. U Kutubus-Sitta (oltita mashhur hadis to‘plamlari) ichiga kirmasa-da, ilmiy doiralarda muhim o‘rin tutadi. Masalan, Imom Buxoriy va Imom Muslimlar bu asardan foydalanganliklari ma’lum.
Bugungi kunda “Sunan ad-Dorimiy” islomiy universitetlar va hadis ilmi bilan shug‘ullanadigan markazlarda muhim darsliklardan biri sifatida o‘rganiladi. U hadis ilmini o‘rganish, isnod tizimini tushunish va fiqhiy hamda aqidaviy masalalarni yoritishda asosiy manba sifatida xizmat qiladi.
Imom Dorimiy va uning “Sunan” asari islom ilmlarining rivojida beqiyos o‘rin tutadi. U nafaqat hadislarni to‘plagan, balki ularni tahlil qilish, tasniflash va ulardan fiqhiy, aqidaviy xulosalar chiqarish borasida katta ish qilgan. Uning ilmiy merosi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda. Hadis ilmining nozik jihatlarini o‘rganishda, hadislarni sahih va zaifga ajratishda, fiqhiy masalalarni aniqlashtirishda “Sunan ad-Dorimiy” bebaho manbadir. Imom Dorimiy keltirgan hadislar orqali musulmon jamiyatining ijtimoiy, diniy va axloqiy hayoti yoritilgan. Bu esa uning faqat bir muhaddis emas, balki musulmonlar hayotini Qur’on va Sunnat asosida yo’naltirgan mutafakkir olim bo‘lganini ko‘rsatadi.
Islom JO’RAMIRZAYEV,
TII talabasi