Demokratik jamiyat qurishni maqsad qilgan har bir davlat avvalo o‘zining mustahkam konstitutsiyasiga tayanadi. Chunki Konstitutsiya – bu shunchaki qog‘ozda yozilgan qoidalar emas, balki xalqning irodasi, davlatning yo‘nalishi va jamiyatning ertangi kuni belgilangan bosh hujjatdir. Davlatning qanchalik adolatli, boshqaruvning qanchalik tartibli, fuqarolarning qanchalik erkin yashashi aynan Konstitutsiyaga bog‘liq bo‘ladi.
Konstitutsiya odamlarning necha yoshdan ovoz berishini, davlat qanday boshqarilishini yoki sudlarning mustaqilligini belgilabgina qolmaydi. U, eng avvalo, fuqarolarning huquqini himoya qiladigan qalqondir. Biror insonning haq-huquqi buzilsa, u kimga murojaat qiladi? Qonunga. Qonunlar esa o‘z kuchini Konstitutsiyadan oladi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili birinchi o‘ringa qo‘yilgani bejiz emas. Bu tamoyil har bir fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati va huquqlari ustuvorligini anglatadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada esa ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish kabi masalalar yanada aniq va kuchli kafolat bilan mustahkamlangan.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Fuqarolarning o‘z fikrini erkin bildirish imkoniyati kengayib, xalq davlat boshqaruvida faol sub’ektga aylanmoqda. Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Konstitutsiyasi bugungi kunda taraqqiyot va adolatning asosiy yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Toshkent islom instituti 102-guruh talabasi Abdulboqiyev Shukrullo






