Imom A’zam – buyuk imom laqabi bilan tanilgan, Abu Hanifa kunyasi bilan mashhur No‘mon ibn Sobit ibn Zuti mutlaq mujtahid va fiqhda Hanafiya mazhabining imomidirlar.
Abu Hanifa Kufada hijriy 80-yilda tug‘ilganlar. Aksar ulamolarning ta’kidlashlaricha u zot va oilalari arab emasligi aniq. Ota bobolari eronlik yoki, turk bo‘lganligi haqida turli xil qarashlar mavjud. Ba’zilar bobolari Zuti Taym ibn Bani Sa’laba qabilasining ozod qilgan quli bo‘lgan deydilar. Bu esa haqiqatdan ancha uzoq bo‘lgan qarashdir. Chunki alloma Xatib Bag‘dodiy bir nechta sanadlarga suyangan holda Abu Hanifaning nabiralari bo‘lmish Ismoil ibn Hammodning “ota-bobolarimizda hech ham qullik bo‘lmagan” deganliklarini rivoyat qiladilar.
Abu Hanifaning otalari hazrati Ali raziyallohu anhu bilan uchrashgan. Va u zot uning o‘ziga hamda zurriyotiga Allohdan baraka tilab duo qilganlar. Abu Abdulloh ibn Ahmad aytadilar: “Alloh taolo Abu Hanifaga dinda islom ahlining aksarini tobe’ qilish, va uni yerdagi halifalardan qilish bilan hazrati Alining duolarini ijobat qildi”.
No‘mon ibn Sobit kichik yoshda Qur’oni karimni yod oladilar. Qiroatni, yetti qoridan biri sifatida tanilgan Imomi Osimdan olganliklari rivoyat qilinadi. No‘mon yoshlik paytlarida tijorat bilan mashg‘ul bo‘lib, ipak sotar, vaqti-vaqti bilan ilm halqalariga ham qatnashar edilar. Ilm majlislaridan ko‘ra bozorda ko‘p bo‘lardilar. Keyinchalik mashhur tobe’in Imom Shabiy rahmatullohi alayhining tavsiya va qo‘llab-quvvatlashlari bilan ta’lim va tahsilda davom etganlar. Arab tili adabiyotidan she’riyat, sarf va nahvni puxta o‘rgandilar.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Abu Hanifaning avval tijorat bilan mashg‘ul bo‘lishliklarining zamirida qandaydir bir ilohiy hikmat yashirin desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki u zot bozordagi oldi-sotdi qilish, pullarni tasarrufi, qarz oldi-berdi kabi va bunga o‘xshash juda ko‘p insonlar orasida joriy bo‘lib turgan muomalotlar haqida keng ko‘lamli tajribaga ega bo‘ldilar. Go‘yoki tijoratchilikdagi faoliyatlari amaliy ta’lim bo‘lsa, fiqhni o‘rganishliklari nazariy ta’lim edi.
U zot voyaga yetgan Kufa shahri va butun Iroq mintaqasi islomiy va g‘ayriislomiy bir qancha tushunchalar, e’tiqodiy firqalar mavjud bo‘lgan va e’tiqod bilan bog‘liq bo’lgan qizg‘in tortishuvlar qilinadigan bir shahar edi. Dindor bir oilada voyaga yetgan Abu Hanifaning ham bu e’tiqodiy munozara va tortishuvlarga vaqti-vaqti bilan ishtirok etib turganliklari ma’lumdir
Abu Hanifa yashagan joy, davr e’tiqodiy firqalar ko‘paygan, Umaviy hukmdorlarining Ahli baytga zulm va tazyiqi davom etayotgan holatda edi. Mantig‘i juda ham kuchli bo‘lgan No‘mon ibn Sobit hech bir firqaga bog‘lanmasdan ilm tahsilini davom ettirib kalom ilmiga yuzlangandilar. Tortishuv va munozara uchun tez-tez Basraga borib turdilar. Lekin kalom ilmida munozara qilish, dindan tashqari bir ish ekanligini ko‘rganlaridan keyin fiqhga berildilar.
Mashhur faqih Muhammad Amin ibn Obidin ta’kidlashlariga ko‘ra Imom tavallud topgan vaqtda yigirmaga yaqin sahoba hayot bo‘lgan ekan. Garchi bularni barchasi bilan uchrashmagan bo‘lsalar ham to‘rtta sahobiy bilan ko‘rishganlari to‘g‘risida hech qanday ixtilof yo‘q.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ba’zilar Abu Hanifa sahobalardan yana Jobir ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Horis ibn Jaz’ va Abdulloh ibn Unaysarni ham ko‘rgan deydilar. Lekin ko‘pchilik muhaddislar bu xato ekanligini ta’kidlaydilar. Chunki sahoba Jobir ibn Abdulloh hijriy 79-yili ya’ni Imom Abu Hanifa tavalludlaridan bir yil avval Madinai Munavvarada vafot etgan bo‘lsalar, Abdulloh ibn Unays esa hijriy 54-yil vafot etganlar. va ulardan yana biri Abdulloh ibn Horis hijriy 86-yili Misrda vafot etganlar. Garchi bu sahobaning vafotlari Imomning tavalludlaridan 6 yil o‘tgandan keyin bo‘lsa ham, Abdulloh ibn Horis Kufaga kirmaganlari va imom bilan uchrashmaganlari muhaddis ulamolarga ma’lum.
Demak bu ulug’ allomalarning so’zlaridan Abu Hanifa buyuk muhaddis ekanligi ko’rinib turibdi. Ozgina bo’lsa ham ilmi bor kishi biladiki, faqih va mujtahid darjasiga chiqish uchun, hadislar, asarlar va sahoba va tobe’inlarni so’zlarini hifz qilmasdan iloji yo’q ekanligini.
Toshkent islom instituti 401-guruh