Hayo bu nafsni ayb-nuqsonli ishlardan to‘sishdir. Ya’ni inson sha’niga putur yetkazadigan ish va amallardan tiyilish hayoning barakoti va shafoatidir.
Hayoning shar’iy, tabiiy, aqliy va urfiy turlari bor.
Shar’iy hayo insonni shariatga zid amallardan to‘sadi. Bunday ishlarni amalga oshirib qo‘yganidan so‘ng, uning qalbida siqilish paydo bo‘lishi asli hayodandir.
Tabiiy hayo insonni o‘z tabiatiga zid ishlardan to‘sadi. Tabiiy hayo xayrli ham, yomon ham bo‘lishi mumkin. Bu narsa inson tabiatiga qarab turlicha bo‘ladi. Uning tabiati shariatga mutanosib bo‘lsa, hayosi maqtaladi. Chunki bunday hayo o‘z sohibini shariatimiz qoralagan va yomon sanagan ishlardan to‘sadi. Bu holatda tabiiy hayo bilan shar’iy hayo bir hil bo‘ladi.
Bordi-yu inson odamlar orasida yaxshi ish qilishdan, namoz o‘qishdan uyalsa, bu shariatga zid hayo bo‘ladi, ya’ni hayo xayrli hayo bo‘lmaydi. Ba’zan kishi tabiati uni shariat talab qilgan amallardan to‘sadi. Bu shar’iy hayo emas, balkitabiiy hayo sababli sodir bo‘ladi. Bunday hayo xayrli ham, maqtagulik ham sanalmaydi. Masalan, kishining namoz o‘qishga odatlanmagani uchun namoz o‘qishga uyalishi yomon ko‘rilgan hayo hisoblanadi. Yoki bir inson o‘ziga kerakli shar’iy masalani so‘ramoqchi bo‘ladi-yu, olim yoki faqihning oldiga borib so‘rashdan uyaladi, “hayo” qiladi. Uning bu ishi yomon hayodir.
Aqliy hayo sog‘lom aql sohiblarining hayosi. Bu xildagi hayo maqtasa arziydigan hayodir, chunki sog‘lom aqlning hayosi hamisha shariatga muvofiq bo‘ladi. Shuning uchun aqli salimdan paydo bo‘lgan hayo “shar’iy hayo”, deb ham ataladi.
Lekin aqli salim bo‘lmasa, uning aqliy hayosi shari’atga xilof ishga boshlasa, bu xildagi hayo aqliy emas, balki tabiiy yoki urfiy hayo bo‘ladi. Sog‘lom aqlli kishi doimo shariatga muvofiq ish tutadi. Chunki ba’zi vaqtda insonning tabiati aqlidan shu qadar ustun keladiki, tabiati taqozolarni aqlning taqozolari deb tushunib qoladi. Ya’ni urf-odat insonga shu qadar g‘olib keladiki, “Bu ish aqlga tog‘ri kelmayapti” deb qoladi. Aslida, bu aqliy emas, urfiy hayo bo‘ladi, u ish aqliga emas, urf-odat, an’ana va ko‘nikmalariga tog‘ri kelmayotgan bo‘lib chiqadi. Masalan, odamlar nima deydi deb turib shariatga ham, aqliga ham xilof ravishda, urf-odatlarni tark etishdan uyalgan holatda, masalan, to‘y yoki ma’rakalarni dabdabali o‘tkazishga urinaveradi. Aslida, o‘lik chiqqan xonadondagi marosimlar shariatda buyurilmagan bo‘lishi mumkin. Insonning aql-idroki o‘sha marosimlarni ortiqcha deb bilsa ham, odamlardan uyalib, shuni o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Ana shuni “urfiy hayo” desak bo‘ladi.
Toshkent islom instituti talabasi
Abbosxonov Muhriddin