islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

9 May-Xotira va qadrlash kuni

         9 May-Xotira va qadrlash kuni haqida qanday ma’lumotlarni bilasizlar?

   O‘zbekistonda 1999 yildan beri 9 may – Ikkinchi jahon urushida Germaniya fashizmi bosqinchilari mag‘lub etilgan va G‘arbiy frontda urush tugagan kunda Xotira va qadrlash kuni nishonlab kelinadi. Bu kunni shunday nomlash tashabbusi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovdir.

    2023 yil  9 may kuni Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga 78 yil to’ladi.

9 may-Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Hamma narsa inson uchun, uning manfaatlari uchun. Ana shu ezgu maqsad istiqlol yillarida hayotimizda mustahkam o`rin egalladi, izchil islohotlarning, yurtimiz mustaqil taraqqiyot yo`lining bosh yo`nalishi sifatida hamyurtlarimiz hayotida o`zining mustahkam ifodasini topdi. Zotan bugun O`zbekiston inson, uning hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr-qimmati ulug`lanadigan buyuk mustaqil davlatga aylandi.

     Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug` fazilatlaridan biridir. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog`idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko`rsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o`tgan momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g`amxo`rlik va e`tibor ko`rsatish mustaqillik yillarida yangicha ma`no-mazmun bilan boyidi.

    Ulug` Vatan urushi davrida O`zbekistonda yashagan 6,5 million aholining 1,5 millioni frontga ketgan, ulardan 420 mingi qaytib kelmagan, 640 ming nafari yaralangan. 120 ming o`zbekistonlik orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, 338 nafar o`zbekistonlik Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor bo`lgan. Urush yillarida O`zbekiston xavfli hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 million kishi uchun boshpana bo`lgan.

    Xotira va qadrlash tushunchasi chuqur ma`noga egadir. Ushbu kunda barcha bobolarimiz ham mo`tabar buvilarimizni xamda o`z Vatanini himoya  qilishda jonini fido qilgan va bu ayovsiz jangu jadalda qahramonlarcha xalok bo`lganlar xotirasini biz yoshlar aslo unutmaymiz va unutmasligimiz kerak.

Keling xotira va qadrlash so’zlari  qanday ma’nolarni anglatishi haqida fikrlashaylik.

   Xotira tushunchasining ma’nosi nima?

     Xotira-idrok etilgan narsa va hodisalarni yoki oʻtmish tajribalarni esda qoldirish va zarur boʻlganda tiklashdan iborat psixik jarayon. Xotira eng yaxshi damlarni esda qoldiradi. U nerv sistemasi xususiyatlaridan biri boʻlib, tashqi olam voqealari va organizm reaksiyalari haqidagi axborotni uzoq saqlash hamda uni ong faoliyatida va xulq, xatti harakat doirasida takroriy qobiliyatida namoyon boʻladi.

    Xotira individning oʻz tajribasida esda olib qolishi, esda saqlashi va keyinchalik uni yana esga tushirishi xotira deb ataladi. Xotira bor ekan – millat barhayot.

   Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik – taraqqiyot garovidir.

   Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

  Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

   Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ`ibiga bag`ishlangan buyuk milliy ma`naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.

   9-mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.

   Hozirgi paytda oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. Yildan yilga ular kamayib bormoqda.  O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.

  Fashizm balosi ustidan qozonilgan g‘alabada xalqimizning ham mardonavor va salmoqli hissasi unutilmas haqiqatdir.

  9 may – Xotira va Qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor bo‘lishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. Xotira – muqaddas va aziz tuyg‘u. Xotirlash bu har bir insonning yaqinlarini qadrlash, bu olamdan o‘tib ketgan insonlarni eslash va ularning xaqqiga duo qilishdir. Xalqimizda “Qadr etgan qadr topadi”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalarga samimiyatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sabab umrbod kishilar yodidan o‘chmaydilar. Nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi.

    Qadriyat tushunchasining ma’nosi nima?

   Qadriyat-voqelikdagi muayyan hodisalarning umum insoniy, ijtimoiy axloqiy, madaniy maʼnaviy ahamiyatini koʻrsatish uchun qoʻllanadigan tushuncha. Inson va insoniyat uchun ahamiyatli boʻlgan barcha narsalar, erkinlik, tinchlik, adolat, ijtimoiy tenglik, maʼrifat, haqiqat, yaxshilik, goʻzallik, moddiy va maʼnaviy boyliklar, anʼana, urf-odat va boshqalar qadriyat hisoblanadi.

 Demak bu xotira va qadrlash so’zlari bir-biri bilan chambarchas bog’langan.Ularning ma’nolari biz uchun katta ahamiyatga ega.

1941-1945 yillarda bashariyat boshiga misliz kulfatlar yog`dirgan Ikkinchi jahon urushi frontlarida O`zbekistonlik jangchilar o`zlarining botir, mard, qo`rqmas, jasurlik xislatlarini namoyon qilib qahramonlik namunalarini ko`rsatdilar.

O`zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta`minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo`lsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg`armasiga 649,9 mln. so`m naqd pul, 4 mlrd. 226 mln. so`m zayom puli, 52,9 kg. oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 ta gimnastyorka, 2 636 700 ta paxtalik, 2 221 200 ta etik va qo`njli botinka yuborildi. Engil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 so`mlik mahsulot jo`natilgan.

Qiyinchilik va xomashyo etishmasligiga qaramasdan, Toshkent to`qimachilik kombinati front uchun 410 mln metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, ko`p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari jo`natildi. Chunonchi, 1 282 000 tonna g`alla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va ho`l mevalar shular jumlasidandir. Faqat 1941 yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi.

Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qo`llarini cho`zdilar. Masalan, 1942 yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qo`lqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 po`stin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi. 1943 yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bug`doy, 5496 kilo yorma bug`doy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qo`y, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpog`istondan 224916 so`m naqd pul, 21614 kilo bug`doy, 5819 kilo go`sht, 3700 kilo guruch jo`natildi.

    Qoraqalpog`istondagi Mo`ynoq baliq kombinatidan 20 mln. banka go`sht va baliq konservasi olingan edi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942 yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yog`, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943 yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 mln. so`m naqd pul, 330 tonna go`sht va yog`, 530 tonna bug`doy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.

     Kiyim-bosh va oziq-ovqat mahsulotlarini Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlar ham frontga jo`natib turganlar. Shuningdek, hukumat vakillari tomonidan vagonlarda katta miqdorda sovg`alar olib ketilganligi haqida ma`lumotlar mavjud. Masalan, 1942 yili bir guruh vakillar Leningradga 600 vagon un va go`sht, 100 vagon guruch, 60 vagon quruq meva olib borganlar.

      Ikkinchi Jahon urushining to`rt yili davomida O`zbekiston davlatga 4 806 000 tonna paxta, 54067 tonna pilla, 1 066 000 tonna g`alla, 195 000 tonna sholi, 108 000 tonna kartoshka, 374 000 tonna sabzavot va ho`l meva, 35289 tonna quruq meva, 57444 tonna uzum, 1 593 000 tonna go`sht, 5 286 000 dona teri topshirgani ma`lum. Ular ham mudofaa ehtiyojlariga sarflangan, albatta. Bundan tashqari, urush yillarida O`zbekiston aholisi mudofaa jamg`armasiga jami 649 900 000 so`m naqd pul o`tkazib bergan.

    Xalqimiz harbiy xizmatchilarning oilalariga ham katta yordam bergan. Chunonchi, 1943 yili ularga 13 858 500 so`m pul, 1 308 400 kilo oziq-ovqat, 20 750 kiyim-bosh, 40 000 kubometr yoqilg`i, 73 500 pud g`alla, 10 000 bosh qo`y, 2000 bosh qoramol topshirilgan.

     Shuningdek, o`zbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldaviya va boshqa joylardan ko`chirib keltirilgan o`n minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va g`amxo`rlik namunalarini ko`rsatdi. Jang bo`layotgan hududlardan ko`chirilgan bir million shaxs boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta`minlandi. Minglab etim bolalarni o`zbek oilalari o`z qaramog`lariga oldilar, farzandlaridan kam ko`rmay tarbiyaladilar. Bunga misol deb Toshkentda gi Shomahmaduvlar oilasi insonparvarlikning yuksak namunasini koʻrsatib bergan oiladir. Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov (1891—1970) va uning xotini Bahri Akramova (1903—1987) turli millatning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olib, taʼlim-tarbiya bergan. Toshkent shahri ayollarining Oʻzbekiston ayollariga qarata qardosh xalqlarning yetim qolgan va evakuatsiya qilingan bolalarni tarbiyaga olish haqidagi 1942-yil yanvar murojaati ularni  Toshkent shahardagi №17-bolalar uyiga olib keldi. Ular boshpanasiz qolgan, turli millat vakillari boʻlgan 13 bola va urushdan so’ng yana 3 bolani oʻz tarbiyalariga olishgan. Urush vaqtida bunday insonparvarlikning yuksak namunasini ko’rsatgan oilalar bizning sevimli va azia yurtimiz O’zbekistonda ko’p bo’lgan.  O`zbek xalqi jangga ketgan turli millat vakillarining oilalaridan ham moddiy yordamini ayamadi. Davlatimiz 113 ta harbiy kasalxona-gospitalni ham otaliqqa oldi.

      Fashistlarning tor-mor qilinishida O`zbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol-aslahalar katta ahamiyat kasb etdi. Sanoatning asosiy qismi harbiy qurol ishlab chiqarishga yo`naltirilib, ular jang maydoniga uzluksiz yuborib turildi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, 2100 samolyot, 17342 samolyot motori, 17100 minomyot, 27 000 tankka qarshi otadigan zambarak qismlari, 60 000 harbiy kimyoviy anjom, 22 million mina, 560 000 snaryad, 2 million 318 ming aviasiya bombasi, 1 million dona granata,100 chaqirimdan ziyod sim, dala radiostansiyalari, tank va samolyotlar uchun 3 milliondan ortiq radiolampa, 5 bronepoezd, 18 harbiy-sanitar va hammom o`rnida foydalaniladigan hamda kir yuviladigan poezd, 2200 ko`chma oshxona olib ketildi.

       Shuningdek, yurtdoshlarimizning shaxsiy pullari hisobidan tayyorlanib, jang maydoniga yuborilgan qurol-aslahalar ham kam bo`lmagan. Masalan, tank koloniyasi va aviaeskadriliya qurish uchun aholidan 320 000 000 so`m to`plangan.

       O`zbekiston 1943 yili nemis-fashistlaridan ozod qilingan hududlarga yordam berishni boshlab yubordi. Masalan, mazkur yilning oktyabrida O`zbekistondan Belorussiya, Ukraina va Rossiyaning dushmandan tozalangan erlariga 800 nafar shifokor safarbar qilindi. 1944 yilning birinchi yarmida esa Ukrainaga 300 tonna g`alla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qo`y jo`natildi. 1943-44 yillarda ozod etilgan shaharu-qishloqlarga Qoraqalpog`istondan 45 800 000 bosh qoramol va qo`y yuborildi.

      Toshkent temiryo`lchilari vagonlarda turli xil jihozlarni yubordilar. Sobiq Stalingradni(xozirgi Volgograd shahrini) tiklash uchun 350 nafar quruvchi bordi. Xorazmliklar Xarkovga har xil qishloq xo`jalik texnikasini jo`natdilar. 1943 yil avgust oyida respublikadan ozod qilingan joylarga 1152 traktor, 25 kombayn, 1138 omoch, 38 seyalka olib ketildi. Sentyabr oyining oxirlarida oziq-ovqat mahsulotlari va jihozlar to`ldirilgan 374 vagon jo`natildi. 12 oktyabrda Ukrainaga 450 vagonda sovg`alar bilan birga 300 tonna g`alla, 8300 bosh qoramol, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming gazlama mollari, kasalxona, maktab va radiouzellar uchun jihozlar yuborildi.

     Voronej va Kursk shaharlariga 275 bosh qoramol, 72 tonna g`alla, 24 tonna quruq meva olib ketildi. Bulardan tashqari, respublika bo`yicha 300 tonna g`alla, 180 tonna quruq meva, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming metr gazlama, 2600 ming so`m naqd pul, yuk mashinasi, telefon stansiyasi jo`natildi. Ukraina uchun 350 traktor, 200 avtomashina, 50 kombayn, 1500 omoch berildi. Stavropol o`lkasiga 1142 traktor, 400 seyalka 1142 nafar agronom va haydovchisi bilan jo`natildi. Ozod qilingan joylarga Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari 50 ming bosh qo`y va 190 ming bosh qoramol yuborgan. Shuningdek, nemis-fashistlaridan tozalangan respublika va viloyatlarga 1944 yili 100 000 kitob sovg`a qilingan edi.

     1943-44 yillarda ozod qilingan erlarga O`zbekistondan 13 000 dan ortiq temiryo`l mutaxassisi, hunar bilim yurtlaridan 15 000 yosh yigit sobiq Leningrad, Kiev va Dunayga yo`l oldi. O`zbek xalqining ozod qilingan joylarga ko`rsatgan yordami aslida serob. Ammo umumiy tushuncha uchun keltirib o`tilganlari etarli, deb o`ylayman. O`zbekiston sanoat sohasida ham katta ishlarni amalga oshirib, Rossiya, Ukraina va boshqa joylardan ko`chirib keltirilgan o`nlab korxonalarni joylashtirib, ularning ishchi-xizmatchilarini boshpana va oziq-ovqat bilan ta`minladi.

    O`zbekistonda harbiy sohada ham beqiyos ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublikada 15 diviziya va brigada tuzilib, ularda o`zbeklar salmoqli o`rinni egalladilar. O`sha harbiy qismlardan tashqari o`n minglab navqiron yigit harakatdagi armiya saflariga yuborildi. Toshkentdagi harbiy bilim yurtlari front uchun bir necha ming komandir va siyosiy xodimlarni tayyorladi.

    Urushning dastlabki oylarida Toshkent shahrining o`zidan 100 ming yigit va qisman ayollar harbiy xizmatga jalb qilindi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistondan bir million kishi frontga olingan. Biroq bu raqam unchalik to`g`ri emas, deb hisoblaymiz. Chunki fashistlar Germaniyada tuzilgan “Turkiston legioni” 1 mln. 800 ming kishini o`z ichiga olgan. Bu legionning rahbarlaridan birining so`zicha, uning tarkibida tojik, qozoq, turkman va qirg`izlardan tashqari o`zbeklar ham bo`lgan. Ma`lumki, jang maydonlarida yarim millionga yaqin o`zbek halok bo`lib, qolgan yarim millioni Vataniga qaytgan. Bu ikki raqam bir-biriga qo`shilsa, bir million bo`ladi. “Turkiston legioni”dagilar hisobga olinsa, jangga tortilgan o`zbeklarning soni ancha oshib ketadi.

    O`zbekistonlar Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubi-Sharqiy Evropadagi janglarda qatnashib, Berlingacha bordilar. Shuningdek, Yaponiya bilan urushda ishtirok qildilar, partizan urushlarida mardonavor kurashdilar.

    Shu tariqa xalqimiz Ikkinchi jahon urushida fashistlarni tor-mor etishga molini ham, jonini ham tikdi. Bamisoli topgan bitta nonini to`rtga bo`lib, bittasini o`ziga, qolganini bevosita frontga, so`ng respublikaga ko`chirib keltirilganlarga, jangga ketganlarning oilalariga, harbiy gospitallarga, fashistlardan ozod qilingan hududlarning och-nochor aholisiga berdi. O’sha paytda bir milliondan oshiq farzandlari fashistlarga qarshi janglarda mardonavor kurashdi. Ulardan bir necha yuz minglab askarlar halok bo`ldi va jarohatlandi. O`zbeklardan tuzilgan “Ishchi batalon”lar front uchun fidokorona mehnat qildilar.

    Bevosita janglarda 27 mln. kishining yostig`i qurigan, boshqa talofatlarni ham qo`shganda 30 mln. kishi nobud bo`lgan Ikkinchi jahon urushi o`zbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar etim bo`lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog`ida qayg`u-alam bilan bu dunyodan ko`z yumdilar. Dahshatli urush yillarida chek-chegarasi yo`q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta`riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o`ldi. Urush o`zbek xalqining bor-yo`g`idan tamomila ayirdi, uy-joyi harobaga aylandi, och va yupun bo`lib qoldi.  Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko`p odamlarning yostig`ini quritdi. Bolalarning orasida ham o`lim ko`p uchrardi. Bunday ahvol shaharlarda ham bo’ldi. Urush davrida barcha xalqlar juda ham qiynalib qo’di.Yeb-ichish uchun hattoki bir burda non ham yo’q edi.

    Sho`ro davlatining e`tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o`rniga qo`yilmay, ular o`z holiga tashlab qo`yildi.

     Xulosa qilib aytganda, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko`rmagan odamlarning ko`pchiligi qayg`u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o`xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug` kunlarni ko`rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko`rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo`shib, jahon tarixida o`chmas iz qoldirishdi.

    Bu ma`lumotlar botir jangchilarimiz, sabrli xalqimiz Ikkinchi jahon urushida yuksak jasorat ko`rsatganligidan dalolat beradi. Ajdodlarimiz jasorati va matonati- fidoyilik, qahramonlik namunasidir. Biz ularning vatanparvarliligi, mardligi, sabrliligi va  ko’rsatgan ulug’ jasoratini doimo eslab turushimiz hamda unutmasligimiz kerak. Ularni doimo xotirlab va qadrlab turishimiz kerak!

Toshkent islom instituti

“Tillar “ kafedrasi katta

o’qituvchisi Faxriddin Ernazarov

                Foydalanilgan adabiyotlar

1.uz.wikipedia.org

2.uzairways.com

3.uzhurriyat.uz

4.darachchi.uz

5.fazo.tv

6.wikipedia.

3911914cookie-check9 May-Xotira va qadrlash kuni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: