Ro‘za tutishning inson organizmiga, ruhiyatiga foydasi beqiyos. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun davomida ko‘ngli tusagan narsalardan tiyila olgan odam shubhasiz sabr-bardoshga ega bo‘ladi. Salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlar buni tasdiqlayapdi. Shu bois ochlik yo‘li bilan davolash tibbiyotda keng qo‘llanilmoqda, davolashning bu turi dunyoda urf bo‘lmoqda. Nafaqat sog‘liqni saqlashda, balki kasalliklardan xalos bo‘lishda ham ro‘za tutishning o‘ta zarurligi ta’kidlanyapti.
«Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu-furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizlardan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin» (Baqara surasi, 185-oyat).
Ro‘zaning hikmatlari, insonning dunyoyu-oxirati uchun manfaatlari ko‘p. Hatto boshqa din vakillari ham uning insonga foydalarini o‘rganib, e’tirof etmoqdalar va o‘zlarida tatbiq qilmoqdalar.
Ro‘za hozirgi davrda aniqlangan ochlik bilan davolash uslublaridan butkul farq qiladi. Bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida ochlik bilan davolaydigan sihatgohlar tashkil etilib, be’morlarga muolajalar qilishyapdi va buni «tibbiy ro‘za», «umumiy ro‘za» yoki «ochlik bilan davolash» kabi nomlar bilan nomlashmoqda. Lekin bu muolajalarning barchasi ijobiy natija berishi mushkul. Chunki bandalar tomonidan o‘ylab topilgan tartib-qoidalar hech qachon mukammal bo‘lmay, qaysidir jihati noqis bo‘ladi.
Islom dinida farz qilingan Ramazon ro‘zasi va nafl ro‘zalar tibbiyotda qo‘llanadigan ochlik orqali davolash uslublari bilan ba’zi jihatlarda o‘zaro muvofiq kelsa, ba’zi tomondan butunlay farq qiladi. Quyida ushbu farqlarni keltirish mumkin:
Ro‘za va ochlik orqali muolaja qilish oshqozon hazmi yaxshilanishi va undagi yig‘ilib qolgan zaharlarning chiqib ketishiga yordam beradi.
Ro‘zani har bir musulmon kishi har yili Ramazon oyida bir kun ham qoldirmay tutishi farz hisoblanadi. Ro‘za tutganda sahardan oqshomgacha har qanday ozuqadan tiyilinadi. Ammo tibbiyotda qo‘llanadigan ochlik bilan muolaja qilish ba’zi kishilarning kasalligi, holati va ixtiyoriga qarab ma’lum muddat qo‘llanadi.
Hozirgi paytda ortiqcha vazndan aziyat chekadiganlar ko‘p uchraydi. Ularga muolaja qilish uchun turli davolash uslublari o‘ylab topilgan. Lekin bu uslublar inson tanasidagi suv miqdori kamayishi va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Ro‘za esa zararsiz ortiqcha vazndan qutulishda tengsiz yo‘ldir. Bunda saharlikda va iftorlikda kunduzgi ish-harakatga mos ravishda, me’yorda ovqalanish lozim.
Inson to‘qimasida ko‘plab zahar va zararli moddalar yig‘iladi. Bu moddalar asosan, iste’mol qilinadigan ozuqalar orqali paydo bo‘ladi. Ayniqsa, hozirgi paytda tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli barchasida oz miqdorda bo‘lsa-da «zahar»lar mavjud. Ular o‘simliklarni o‘stirish uchun sepiladigan dorilar, mahsulotlarni tayyorlash jarayonida qo‘shiladigan ranglar, xushbo‘ylantiruvchi yoki saqlash uchun qo‘shiladigan kimyoviy moddalar orqali paydo bo‘ladi.
Qo‘shimcha, havo orqali avtomobillar, zavod va fabrikalardan chiqayotgan zaharli tutunlar yutiladi. Kasalliklardan davolanishda kimyoviy moddalardan tayyorlangan dori-darmonlar qo‘llanadi. Bu moddalar qonga singib, hujayralarning yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, ro‘za qonda xolesterin miqdorining kamayishiga, natijada yurakda qon laxtasi (tromb) tiqilishining oldi olinishiga sabab bo‘ladi. AQSHda olib borilgan tadqiqotlar esa ro‘za qondagi qand moddasi va me’da shirasi kislotasini hech qanday dori vositalarisiz me’yorda saqlab turishini isbotladi.
Ochlik ta’sirlarini o‘rgangan germaniyalik olimlar uch-to‘rt hafta mobaynida 10-15 soat hech nima iste’mol qilmay yengil ish bilan shug‘ullanish sog‘lik uchun juda foydali degan xulosaga keldi. Doktor Bill Shernber har yili bir oy ro‘za tutish tetiklik va yoshlik asosi ekanini ta’kidlaydi.
Amerikada o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ochlik odamning immun tizimini mustahkamlaydi: ro‘za oyida limfa tugunlari faoliyati o‘n marta yaxshilanadi va immun funksiyalarini bajaruvchi hujayralar soni oshadi. Ro‘za, shuningdek, oshqozon yarasi profilaktikasida ajoyib ish beradi, chunki uning kislotaliligini normallashtiradi.
Odessa universiteti olimlari o‘tkazgan tajribalar ochlik tanadagi zaharlarni har qanday dori-darmondan ko‘ra samaraliroq chiqarib tashlashini ko‘rsatdi. Masalan, ro‘za paytida organizmdan ammiakning chiqarilishi 100 barobarga kuchayadi.
Ro‘zaning foydalari haqida tibbiyot mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotlarning xulosalari.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ro‘za tutish:
- O‘pka xastaliklari 2. Skleroz 3. Tutqanoq 4. Saraton 5. Qand 6. Ekzema 7. Allergiya 8. Bronxial astma 9. Bronxit 10. Bavosil 11. Jigar 12. Ichak 13. Bo‘g‘inlar shishi 14. Yurakning atrofini yog‘ qoplashi 15. Qon bosimi ortishi 16. Qon aylanishi 17. Qon tomirlari torayishi 18. Ehtirosga berilish 19. To‘qimalarda to‘planib qoladigan zaharli moddalar 20. Buyrakda tosh paydo bo‘lishi 21. Semizlik 22. Immunitetning tushib ketishi 23. Kamqonlik kabi bir qator kasalliklarga qarshi kurashishda foyda beradi.
Yuqorida aytib o‘tilganlar ro‘zaning salomatlikka oid foydalaridan ba’zilari xolos. Ko‘rib turganimizdek, buni hatto musulmon bo‘lmagan mutaxassislar ham tan olishgan.
Ro‘zaning foydalari shu qadar ko‘pki, gapni qay biridan boshlashdi bilmaydi odam. Ro‘za – oxiratning bebaho sarmoyasiligi barobarida uning bu dunyoda ham insonga keltiradigan manfaatlari ko‘p. Qisqasi, ro‘za – ikki dunyo saodatining kaliti!
Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy Ro’zaning 10 ta foydasini sanab quyidagilarni keltirganlar.
- Ro‘za inson aqlining nafsdan butunlay g‘alaba qozonishiga sabab bo‘ladi.
- Ro‘za sababli Allohdan qo‘rqish va taqvo sifatlari paydo bo‘ladi.
- Ro‘za sababli inson o‘zining naqadar muhtoj va ojiz ekanini hamda Allohning naqadar ulug‘ va qudratli ekanini anglab yetadi.
- Ro‘za sababli qalb ko‘zi ochiladi.
- Insonning tafakkuri taraqqiy qilib, fikrlash doirasi kengayadi.
- Banda narsalarning haqiqitini kashf qiladi, har narsaning haqiqiy mohiyatini ko‘radi.
- Gʻam-tashvish va vahimadan yiroq bo‘ladi.
- Farishtalarga yaqin bo‘ladi.
- “Allohga shukr qilish” maqomiga chiqadi.
- Bandaning qalbida boshqa insonlarga nisbatan hamdardlik hissi uyg‘onadi.
- Ro‘za tana va ruhning salomatligiga sabab bo‘ladi.
- Ro‘za inson uchun ma’naviy ozuqa bo‘ladi.
- Ro‘za – Allohga bo‘lgan muhabbatning eng yuksak ko‘rinishi. Ro‘za sababli bandada Allohga bo‘lgan muhabbat ortadi.
Abdulbosit QODIROV,
304-guruh talabasi